MULLA NASRIDDIN OBRAZINING PARODIK SEMANTIKASI: DONOLIK VA AYYORLIK
Авторы
Hikmat Guliyev
Ozarbayjon Milliy Ilmlar akademiyasi Folklor instituti direktori, filologiya bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Author
Ключевые слова:
Mulla Nasriddin, trikster, parodiya, donolik, arxetip, madaniy qahramon, kulgi.
Аннотация
Mazkur maqolada Mulla Nasriddin obrazi trikster (kulgili-ayyor qahramon) paradigmasi doirasida tahlil etilib, uning folklor matnlarida donolikning parodik in’ikosi, madaniy qahramon modeli va xulq-atvor shakllari sifatida namoyon bo‘lishi ko‘rsatib berilgan. Tadqiqotda obrazning arxetipik tabiati “Dono chol” (Wise Old Man) arxetipi bilan qiyoslangan holda yoritiladi hamda uning zamirida donolik va soddadillik unsurlarini mujassam etgan ikki yoqlama (dual) semantik tuzilma yotishi asoslanadi. Maqolada Mulla Nasriddinning Oy, Quyosh, yulduzlar va burjlar haqidagi mulohazalari, shuningdek, turli vaziyatlarda bergan kutilmagan hamda paradoksal javoblari borliqning yaralishi va mifologik kosmogoniya haqidagi birlamchi tasavvurlarning parodik taqlidi (parodiya qilinishi) sifatida talqin qilinadi. Shu nuqtayi nazardan, qahramonning xatti-harakatlari madaniy qahramonga xos ijodkorlik funksiyalarining kulgi va ironiyaga asoslangan muqobil (alternativ) varianti sifatida taqdim etiladi. Tadqiqotda turli mifopoetik tizimlardagi “qahramon va trickster” qarama-qarshiligi tasniflangan. Ushbu paradigmalar qatoriga ot-eshak, ot-ho‘kiz, sayroqi qush-qarg‘a, go‘zallik-xunuklik hamda “Mulla Nasriddin va sayyid (yoki darvish)” kabi zidlanishlar kiradi. Mazkur qiyoslashlar orqali folklor matnlaridagi qahramonlik ideallari va muqaddas andozalarning parodik o‘zgarishga uchrashi ko‘rsatilgan. Shuningdek, maqolada Mulla Nasriddinning o‘zini o‘lganga solishi bilan bog‘liq syujetlar ham tahlilga tortilgan. Bu motivlar qahramonning ayyorlik tabiatini ochib berish bilan birga, o‘lim va hayot, tartibsizlik (xaos) va tartib (kosmos), bu dunyo va oxirat o‘rtasidagi o‘tish jarayonini ramziy ma’noda ifodalaydi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Mulla Nasriddin kulgi va parodiya vositasida madaniyatning fundamental tushunchalarini qayta talqin qiluvchi hamda mifologik qahramon vazifalarini piching aralash takrorlovchi murakkab folklorik simodir.